«BOLALAR ENSIKLOPEDIYASI»

Aziz bolajonlar!
Siz mamlakatimizning baxtiyor farzandlarisiz. Bolaligingiz, yoshligingiz
mustaqillik davrida o’tmoqda. Yurtimiz egasi, xalqimiz kelajagisiz. Demak,
yoshlikdan bilimdon, tadbirkor, uddaburon bo’lib kamolga yetishingiz lozim.
Buning uchun Sizda barcha imkoniyatlar mavjud. Bilim olishga, kasb-hunar
egallashga istak bo’lsa, bas.
Insoniyat XXI asrda yashamoqda. Bu asrda davlatimiz yuksak taraqqiy
etgan mamlakatlar qatoridan joy olishi lozim. Buning uchun diyorimiz
odamlari yetuk bo’lishi kerak. Prezidentimiz Islom Karimov
ta’kidlaganlaridek, kelajakda O’zbekiston yuksak taraqqiy etgan iqtisodi
bilangina emas, balki bilimdon, ma’naviy jihatdan yetuk farzandlari bilan
ham jahonni qoyil qilishi lozim.
Qo’lingizdagi kitob ana shunday farzandlarni tarbiyalab yetishtirishga
hissa qo’shish maqsadida yaratildi. Bu kitobdan siz o’zingizni qiziqtirgan
ko’plab savollarga javob topasiz.
Odatda, kitob bir boshdan, sahifama-sahifa o’qib boriladi. Bu yerda
hammasini bir boshidan o’qish shart emas. Balki, sizga kitobning oxiridan
biror zarur narsani o’qish kerak bo’lib qolar, so’ngra biror narsani qidirib
topishga to’g’ri kelar. Agar xohlasangiz, kitobning istalgan joyini ochib,
suratlarni tomosha qilishingiz mumkin.
Qiziq-ku! – deya hayron bo’lishingiz mumkin. –Bu qanday kitob ekanki,
uni oxiridan ham, o’rtasidan ham, boshidan ham o’qib ketilaversa….
Shoshilmang! Kitobni bir daqiqa chetga olib qo’ying va diqqat bilan
atrofga nazar tashlang. Tevarak-atrofda qancha qiziq narsalar bor.
Derazadan yer ham, osmon ham ko’rinib turibdi. Eshikdan tashqariga
chiqsangiz, e’tiboringizni yana ham ko’proq narsalar tortadi. Odamlar
ketyapti. Kimdir gugurt qutisidan sal kattaroq buyumni qulog’iga tutib kim
bilandir gaplashmoqda. Daraxt barglari shitirlamoqda. Yerning sun’iy yo’ldoshi
parvoz qilmoqda. Qushlar gir aylanib uchmoqda. Uylar qad ko’tarmoqda.
Soatlar chiqillamoqda. Sizning yuragingiz urmoqda. Radioning ko’rinmas
to’lqinlari taralmoqda….
Bularning hammasini bilgingiz keladi, savollar qalashib ketadi. Kim?
Nima? Qayerda? Qachon? Nima uchun?
Albatta, dunyodagi hamma narsani bilish qiyin. Siz ulg’ayasiz, maktabga
borasiz, yaxshi kitoblarni o’qiysiz, musiqa va qiziqarli radioeshittirishlarni
tinglaysiz, kinoteatr, televizor, videodagi filmlarni tomosha qilasiz. Turli
odamlar bilan suhbatlashganingizda ulardan ancha-muncha narsani
o’rganasiz. Asta-sekin juda ko’p narsani bilib borasiz va ayrim savollarga
o’zingiz javob bera olasiz. Hozircha esa, ko’plab muhim savollarga javoblarni
qo’lingizdagi kitobdan bilib olasiz.
Kattalarning «Ensiklopediya» deb ataluvchi ajoyib kitoblari bor. Biror
narsani bilish, tekshirish kerak bo’lib qolganda ensiklopediyani o’qiydilar.
Siz, yaxshisi, ushbu kitobning «E» harfi (»Ensiklopediya» so’zi boshlangan
harf)da joylashgan maqolalar orasidan «Ensiklopediya»ni topib o’qib chiqing.
Ensiklopediya kitobi qandayligini bilib oldingizmi?! Qo’lingizdagi kitob ham
ana shunday kitoblardan. Faqat u siz uchun mo’ljallangan. Shuning uchun
uni «Bolalar ensiklopediyasi» deb atadik. «Bolalar ensiklopediyasi» – Sizning
birinchi ensiklopediyangiz.
Kitobdagi barcha maqolalar alifbo tartibida, ya’ni sinf jurnalida «A» dan
«Ch» gacha sizning va o’rtoqlaringizning familiyalari qanday yozilgan bo’lsa,
shunday joylashgan.
Masalan, sizni «Buxoro» maqolasi qiziqtiradi. 79-betdagi «B» harfi
mundarijasiga qarang. U yerda kitobdagi «B» harfi bilan boshlangan hamma
maqolalar ko’rsatib qo’yilgan. «Buxoro»ni topdingizmi? Kitobning qaysi
betida u haqida hikoya qilingan bo‘lsa, shu sahifani ochamiz. Mana
maqolaning o’zi. Unda ko’hna Buxoro haqida, uning ajoyib tarixi, nodir
yodgorliklari to’g’risida hikoya qilinadi.
Xuddi shu tarzda siz, masalan, «Amir Temur», «Yorug’lik», «Jirafa»,
«Zilzila», «Ibn Sino», «Yo’lbars» «Osiyo» kabi maqolalarni topishingiz
mumkin.
Muayyan bir so’z haqida inson bilgan barcha bilimlarni kichik hikoyaga
joylashtirib bo’lmasligini bilasiz. Shuning uchun hikoyani o’qib bo’lib, aka
yoki opalaringizga, ota-onangizga murojaat eting. Ular bizning hikoyamizni
o’z bilimlari bilan to’ldiradilar.
Maqoladagi ayrim so’zlar qiya harflar – kursiv bilan terilgan. Demak, bu
tushuncha to’g’risida yana alohida maqola bor. Alifbo bo’yicha siz uni kitobdan
osongina topasiz.
Oxirgisi. Kitobning xaritalarida qisqartma so’zlar uchraydi. Ularni esda
saqlang: km – kilometr, m – metr, sm – santimetr, mm – millimetr, kv. km –
kvadrat kilometr.
Endi «Bolalar ensiklopediyasi» qanday tuzilganligi va undan qanday
foydalanish kerakligini bilasiz. O’zingizni qiziqtirayotgan so’zlarni so’rang,
izlang. Zero, izlagan topadi.

Related posts

Leave a Comment